Sharof Rashidov nomidagi SamDU 1-son akademik litseyida “Mustaqil O‘zbekiston – mening faxrim” insholar tanlovi"
O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yillik shonli yubileyi mamlakatimiz tarixidagi eng yorqin sahifalardan biri sifatida nishonlanmoqda. Ana shu buyuk sana munosabati bilan Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti 1-son akademik litseyi o‘quvchilari o‘rtasida “Mustaqil O‘zbekiston – mening faxrim” nomli insholar tanlovi e’lon qilindi.
Tanlov yosh avlodning vatanparvarlik tuyg‘ularini yuksaltirish, mustaqillikning qadr-qimmatini chuqurroq anglash va o‘z ona yurtiga bo‘lgan cheksiz muhabbatini so‘z san’ati orqali ifoda etishga qaratilgan. Litsey o‘quvchilari mustaqil O‘zbekistonning erishgan yutuqlari, uning bugungi qudrati, kelajakka intilishi va har bir fuqaroning vatan oldidagi mas’uliyati haqida o‘z fikr-mulohazalarini badiiy, chuqur va samimiy uslubda bayon etadilar.
“Mustaqil O‘zbekiston – mening faxrim” deb nomlangan bu tanlov nafaqat o‘quvchilarning ijodiy salohiyatini ochish, balki ularning qalbida vatanparvarlik, milliy g‘urur va mustaqillikka sodiqlik tuyg‘ularini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. Har bir yozilgan satr – bu yosh qalblarning ona yurtga bo‘lgan muhabbatining ifodasi, mustaqillikning qadrini anglashning yorqin dalilidir.
Litsey jamoasi tanlov ishtirokchilariga ijodiy muvaffaqiyatlar tilaydi va ularning asarlarida mustaqil O‘zbekistonning nuri, shon-sharafı va kelajagi aks etishiga ishonch bildiradi.